UFLEX
Telegram
Ulug‘bek Mirdadayev

Ulug‘bek Mirdadayev

UFLEX asoschisi va rahbari

Ulug‘bek Mirdadayev — Namangandagi UFLEX IT kompaniyasining asoschisi va rahbari, veb va mobil dasturchi. U 2017-yildan dasturlash bilan shug‘ullanadi, 2021-yildan buyurtmachilar uchun ishlaydi va shu yillar davomida 1000 dan ortiq ishda — saytlar, mobil ilovalar, Telegram botlar va kichik tuzatishlarda qatnashgan.

Boshlanishi

Birinchi dasturlarini 2017-yilda telefonda yozgan: bepul hostinglarda ishlaydigan, PHP’dagi Telegram botlar. 2019-yilda HTML, CSS va JavaScript bilan veb-sayt yaratishni boshladi — bu asosiy burilish nuqtasi bo‘ldi.

2021-yilda haqiqiy faoliyat boshlandi. Birinchi mijoz — Namangandagi kompyuter do‘koni egasi edi: unga landing sahifa yasab berdi. Shu birinchi ish uchun haq — noutbuk uchun USB quloqchin bo‘lgan. Birinchi noutbukini ham o‘sha do‘kondan olgan, do‘kon esa hozir ham ishlab turibdi. Keyin buyurtmalar ketma-ket keldi — ularning ko‘pchiligini veb-dasturlashdagi ustozi Dilshod aka orqali olgan.

2023-yilgacha React va React Native’ni o‘rganib, katta saytlar va mobil ilovalar yasadi. Ularning deyarli hammasi tajriba uchun emas, haqiqiy buyurtma bo‘lgan.

Dars berish

2023-yil oxirida mustaqil ishlashga o‘tdi. Namangandagi «Algoritm» o‘quv markazida ikki oy dars berdi, so‘ng tajriba orttirib, 3-mikrorayondagi «Yoshlar ziyo maskani» kutubxonasida dars o‘ta boshladi. 2024-yil oktabrigacha 100 ga yaqin o‘quvchi bilan ishladi, keyin yana to‘liq dasturlashga qaytdi.

UFLEX

UFLEX brendi 2022-yilda tashkil topgan. 2025-yildan Ulug‘bek brendga to‘liq e’tibor qaratdi: 30 ga yaqin loyihada «Powered by UFLEX» belgisi bor. Shu yili yakka ishlashdan jamoaga o‘tdi — dizayner, QA mutaxassisi, frontend va backend dasturchilar bilan.

2025-yilda sherikchilikda o‘quv markazi ochdi. Bu loyiha diqqatni dasturlashdan bo‘lib qo‘ydi va olti oydan keyin moliyaviy zarar bilan yopildi. Ulug‘bek Toshkentda katta jamoada ishlab, majburiyatlarini yopdi, keyingi bahorda esa Namanganga qaytib, chala qolgan buyurtmalarni yakunlashga kirishdi. Bu davrning asosiy sabog‘i: imkoniyatni to‘liq ishga solsang, ancha katta ishlarni bajarish mumkin.

Bugun UFLEX tadbirkor va Ulug‘bek hayotiy ustozi deb biladigan inson bilan sherikchilikda ishlaydi. Birgalikda o‘nlab loyihalar yakunlandi: HR bot, sotuv saytlari, «Aqlli nazoratchi» bot va eng kattasi — tom yopish materiallari do‘koni uchun ERP tizimi.

Missiya

Maqsad — biznesni shunchaki avtomatlashtirish emas. Avtomatlashtirish orqali tadbirkorlarga vaqtini dunyo ishlaridan ibodat va oilaga ajrata olishlariga yordam berish va biznesda shaffoflikni ta’minlash. Daftar yo‘qolishi, yonib ketishi, biror narsa esdan chiqishi mumkin — UFLEX quradigan tizimda baza onlayn saqlanadi, hech narsa yo‘qolmaydi, hisobot esa tiyingacha aniq bo‘ladi.

Shu yo‘lda UFLEX biznes egalariga o‘z bizneslarini avtomatlashtirishni o‘rgatishni va bu bilimni boshqalarga ham ulashib, tadbirkorlarga yordam beradiganlar safini kengaytirishni rejalashtirgan.

Maqsadlar

2026-yil oxirigacha — kamida beshta katta loyihani yakunlash va kamida uchta biznes egasiga o‘z biznesini avtomatlashtirish bo‘yicha bilim berish. Kichik loyihalar va startaplar esa moliyaviy erkinlikni saqlash uchun kerak.

«Agar xizmatimizni pulga sotayotgan bo‘lsak, bilingki, bu — keyingi odamga bilim ulashishimiz uchun energiya.»

UFLEX haqida

UFLEX — Namangandagi IT kompaniya. Biznes uchun saytlar, mobil ilovalar, Telegram botlar, CRM va ERP tizimlarni quradi va ishlatib beradi.

Loyihani muhokama qilish